Янгиликлар
Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish
Avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish
So‘nggi yillarda mamlakatimizda avtomototransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ular bilan bog‘liq notarial harakatlarni raqamlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, avtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani rasmiylashtirish bo‘yicha eskirgan tartib saqlanib qolinayotganligi aholining ortiqcha ovoragarchiligiga sabab bo‘lmoqda.
Ishonchnoma — jismoniy shaxsga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositasini boshqarish huquqini boshqa shaxsga berish uchun YIDXP orqali elektron shaklda rasmiylashtirilgan, QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan hujjat.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi hamda so‘rovnomani elektron ravishda mustaqil to‘ldiradi.Ishonchnoma ariza beruvchining xohishiga ko‘ra bir oy, olti oy va uch yilgacha muddatga beriladi. Bunda ishonchnomaga kiritiladigan shaxslar soniga cheklov o‘rnatilmaydi. So‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi vakolatli organlarning axborot tizimlari yordamida avtomatik ravishda tekshiriladi va yuboriladi. Ariza beruvchi so‘rovnoma to‘g‘ri to‘ldirilganligini mustaqil tekshiradi va ma’lumotlar to‘g‘riligiga ishonch hosil qilingandan so‘ng uni tasdiqlaydi.
So‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi vakolatli organlarning axborot tizimlari vositasida tasdiqlangach, ariza beruvchiga elektron to‘lov varaqasi (invoys) shakllantiriladi. Ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish uchun davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunida ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:
bir oygacha bo‘lgan muddatga — 10 foiz;
bir oydan ortiq va olti oygacha bo‘lgan muddatga — 50 foiz;
olti oydan ortiq va uch yilgacha bo‘lgan muddatga — 100 foiz.
Davlat boji ishonchnoma rasmiylashtirilishidan oldin to‘lanadi.
Ariza beruvchining aybi bilan ishonchnoma noto‘g‘ri rasmiylashtirilganda yoki unga kiritilgan shaxs(lar) to‘g‘risida ma’lumotlarda xatolik mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘la turib, ishonchnoma elektron rasmiylashtirilgan hollarda, to‘langan davlat boji qaytarilmaydi.
Bo‘ka tuman Davlat xizmatlar markazi
Bosh mutaxassisi Sh.Abdujamalov