Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Franshizing shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi.


Franshizing shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.06.2022 yildagi “Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” 346-son qarori bilan kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.

Franshizing shartnomasi — bir taraf (litsenziar) ikkinchi tarafga (litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qo‘riqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek, shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa obyektlardan (tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini o‘z ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksini (litsenziya kompleksi) berish majburiyatini yuklaydigan shartnoma.

Reglamentga ko‘ra franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish DXM yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi.

Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnomaga quyidagi hujjatlar elektron shaklda (pdf formatda) ilova qilinadi:

a) ro‘yxatdan o‘tkazishda:

franshizing shartnomasi;

xorijiy litsenziar uchun — xorijiy davlatning tegishli davlat reyestridan ko‘chirma yoki uning o‘rnini bosuvchi tegishli hujjatlar;

b) muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda:

franshizing shartnomasiga kiritilayotgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalarning nusxasi;

sud organining qarori asosida franshizing shartnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda — ushbu hujjatning nusxasi taqdim etiladi.

Bunda mazkur holatlarda ariza beruvchi ishonchnoma asosida ish ko‘radigan shaxs bo‘lsa, ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning vakolatini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatning nusxasi ham taqdim etiladi.

Taqdim etilgan hujjatlar davlat tili yoki rus tiliga notarial tartibda tarjima qilingan bo‘lishi talab etiladi.

Franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir miqdorida yigim undiriladi.

Quyidagi hollarda yig‘im to‘lanmaydi:

sud hujjati asosida franshizing shartnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda;

franshizing shartnomasi (muhim o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar takroran ko‘rib chiqilganda.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ taqdim etilgan hujjatlarni kelib tushgan sanadan boshlab bir ish kuni davomida ko‘rib chiqadi hamda ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha franshizing shartnomasini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish haqida yoki davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, ariza beruvchi 3 oyda kamchiliklarni bartaraf qilib yig‘im to‘lamasdan, qayta murojaat qilishi mumkin.

Bo‘ka tumani adliya bo‘limi 

Davlat xizmatlari markazi sho’ba boshlig‘i