Янгиликлар
MEHNAT QONUNCHILIGI BOʻYICHA DASTLABKI SINOV MUDDATI QOʻLLANILMAYDIGAN HOLATLAR
MEHNAT QONUNCHILIGI BOʻYICHA DASTLABKI SINOV MUDDATI QOʻLLANILMAYDIGAN HOLATLAR
Amaldagi mehnat qonunchiligida dastlabki sinov muddati belgilanmaydigan bir qator holatlar belgilangan.
Jumladan, Mehnat kodeksining 129-moddasiga koʻra, quyidagilar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi:
- homilador ayol, 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol yoki 3 yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan ota (vasiy);
- zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslar;
- davlat grantlari asosida oʻqigan va oliy taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran 3 oy ichida yoʻllanma boʻyicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari;
- tegishli taʼlim tashkilotini tamomlagan kundan eʼtiboran 1 yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari;
- oʻzi bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;
- 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
- ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar boʻyicha bekor qilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar;
- ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi boʻyicha ushbu ish beruvchida oʻqishni oʻtagan oʻquvchilar;
- jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlar.
Yuqorida koʻrsatilgan shaxslar bilan mehnat shartnomasi tuzilayotganda shartnoma sharti sifatida dastlabki sinov muddati belgilanmaydi va xodimga nisbatan dastlabki sinov muddati qoʻllanilmaydi.
Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etiladi.
“Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-43-son, 05.03.2025 y.) qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, Kadastr agentligi huzurida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etiladi.Shuningdek, quyidagilar belgilandi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ etib; Kadastr agentligi – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organ etib; Milliy markaz – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida ijro etuvchi organ etib, Ommaviy baholash tizimini normativ-huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash uchun “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti” belgilangan tartibda tasdiqlanadi. 2026 yil oxirigacha Toshkent shahridagi eksperiment natijalari, ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro ekspertlarning xulosalari va tavsiyalari asosida “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. 2025 yil 1 noyabrgacha ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotiga asosan quyidagilar ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi: “Ko‘chmas mulk bozori monitoringi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi; “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash” avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
boshligʻi Sh.Roʻziyeva