Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Sudlanganlik qachon tugaydi, uni muddatidan oldin tugatish uchun nima qilish kerak? Amnistiyaga tushsa ham sudlangan bo‘lib qolaveradimi? Sudlangan shaxslar armiyaga chaqirilmaydimi? Sudlanganlarni ishga qabul qilishda qanday cheklovlar bor?


Sudlanganlik qachon tugaydi, uni muddatidan oldin tugatish uchun nima qilish kerak? Amnistiyaga tushsa ham sudlangan bo‘lib qolaveradimi? Sudlangan shaxslar armiyaga chaqirilmaydimi? Sudlanganlarni ishga qabul qilishda qanday cheklovlar bor?

1. Sudlanganlik nima?

Sudlanganlik shaxsga sud hukmi bilan jazo qo‘llanilishidan kelib chiqadigan huquqiy holati bo‘lib, mazkur shaxsga muayyan salbiy oqibatlar kelib chiqishida namoyon bo‘ladi.

Shaxsga sud jazo tayinlab ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab sudlangan deb hisoblanadi.

Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

2. Amnistiyaga tushgan shaxs ham sudlangan hisoblanadimi?

Yo‘q, shaxs amnistiya akti qo‘llanilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilganda u sudlanmagan deb hisoblanadi.

Bundan tashqari, jinoyat qonunchiligida shaxs sudlanmagan hisoblanadigan holatlar mavjud, jumladan, quyidagi hollarda shaxs sudlanmagan hisoblanadi:

jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilganda (masalan, sud ishda ko‘rilayotgan vaqtda shaxs namunali xulqi, mehnatga yoki o‘qishga halol munosabati bilan o‘zini ko‘rsatib, ijtimoiy xavfliligini yo‘qotdi deb e’tirof etilsa, sud uni jazodan ozod qilishi mumkin)

shaxs bir vaqtning o‘zida asosiy va qo‘shimcha jazodan birinchi, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ozod qilinganda;

shaxsga tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilganda;

shaxs quyidagi asoslar bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilganda:

javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan (masalan, );

qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan;

aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan;

jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan;

jinoyat sodir etgan shaxs kasalligi tufayli.

3. Sudlanganlik qachon barham topadi?

Sudlanganlik holati barham topishining faqat ikki usuli bor – uning tugallanishi va olib tashlanishi.

4. Sudlanganlik qachon tugaydi?

Sudlanganlik holati tugallanishi – shaxsning tegishli jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin va belgilangan muddatlar o‘tganidan keyin avtomatik tarzda (o‘z-o‘zidan) barham topishini anglatadi.

Cudlanganlik holati quyidagi paytlarda tugaydi:

– shartli hukm qilinganlarga nisbatan – sinov muddati tugagan kundan boshlab;

shartli hukm – shaxs jazoni o‘tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin degan xulosaga kelinganda unga jazoni o‘tamasdan xulqini tuzatishga bir yildan uch yilgacha muddat berish.

– majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;

– jarima to‘lab bo‘lingan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin – bir yil o‘tgach (masalan, 100 mln jarima tayinlangan bo‘lsa, shu jarima 2024 yil 9 fevralda to‘lab bo‘linsa, 2025 yil 10 fevralda sudlanganlik tugaydi);

ozodlikni cheklash jazosi o‘talganidan keyin – ikki yil o‘tgach;

5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – 4 yil o‘tgach;

5 yildan ortiq, lekin 10 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – 7 yil o‘tgach;

10 yildan ortiq, lekin 15 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – o‘n yil o‘tgach.

Sudlanganlik tugaganida shaxs, uning vorisi, qonuniy vakili yoki advokati iltimosiga ko‘ra sudlangan shaxsning yashash joyidagi sud tomonidan sudlanganlik holati mavjud emasligiga oid ma’lumotnoma beriladi.

5. Sudlanganlik qanday olib tashlanishi mumkin?

Sudlanganlikning olib tashlanishi yuqoridagi muddatlarning kamida yarmi o‘tganidan keyin ularning qolgan qismi sud qaroriga asosan tugatilishini anglatadi.

Sudlanganlikni olib tashlash uchun sudlangan shaxsning xulq-atvori yaxshilangan, ya’ni unga nisbatan ma’muriy jazo yoki intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilmagan bo‘lishi kerak.

Sudlanganlikni olib tashlash uchun sudga shaxsning o‘zi, jamoat birlashmasi, mahalla, mehnat jamoasi iltimosnoma bilan chiqadi.

6. Tugagallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganlikning qanday huquqiy oqibatlari bor?

Sudlanganlikning jinoyat-huquqiy oqibati sudlanganligi tugallanmagan va olib tashlanmagan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilganda quyidagi holatlarda ifodalanadi:

sudlanganlik jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi holat hisoblanadi;

sudlanganlik muayyan hollarda shaxsni o‘ta xavfli residivist deb topilishiga asos bo‘ladi;

shaxs oldin ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan bo‘lsa va yana jinoyat sodir etsa jazoni ijro etish koloniyasi turini belgilash uchun ilgari sudlanganlik ahamiyat kasb etadi;

sudlanganlik jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etiladi;

ilgari sodir etilgan jinoyati uchun jazo o‘tayotgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan hollarda, sudlanganlik qattiqroq qoidalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi;

tugallanmagan va olib tashlanmagan sudlanganlik holatining mavjudligi ayrim asoslar bo‘yicha, masalan, aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi, alohida hollarda esa (og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lganda), jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishiga to‘sqinlik qiladi.

Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmaydi.

Qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar advokat, notarius bo‘la olmaydi, harbiy xizmatga chaqirilmaydi.

7. Sudlanganlik tugaganidan yoki olib tashlangandan keyin ham uning oqibatlari saqlanib qoladimi?

Sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan paytdan boshlab shaxs sudlanmagan hisoblanib, sudlanganlikning huquqiy oqibatlari qat’iyan va so‘zsiz bekor bo‘ladi. Ya’ni bundan keyin shaxs qayta jinoyat sodir etsa u og‘irlashtiruvchi holat hisoblanmaydi.

Sudlanganligi (tugallangan va olib tashlangan sudlanganligi) sababli ishga qabul qilmaslik yoki yaqin qarindoshlar sudlanganligi uchun ishga qabul qilmaslik mumkin emas.

Shu bilan birga ayrim istisnolar mavjud, masalan, ilgari sudlangan shaxslar sudya bo‘la olmaydi, qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlar ta’lim tashkilotlarining (maktab, litsey, texnikum, universitet, institut va h.z.) rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas.

Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Bu konstitutsion norma.

Bekobod tumani adliya bщlimi Davlat xizmatlari markazi direktori

Ubaydulla Mirzaev.