Янгиликлар
Bolaning himoyaga boʻlgan huquqlari nimalardan iborat?
Bolaning himoyaga boʻlgan huquqlari nimalardan iborat?
Javob:
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 67-moddasida Bolaning himoyaga boʻlgan huquqlari belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra: Bola oʻz huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.
Bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar), ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga yetmagan bola qonunga muvofiq toʻla muomala layoqatiga ega deb eʼtirof etilsa, u oʻz huquq va majburiyatlarini, shu jumladan himoya huquqini mustaqil amalga oshirishga haqlidir.
Bola ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan qilinadigan suiisteʼmolliklardan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) bolani tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiisteʼmol qilganda bola oʻz huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini soʻrab, vasiylik va homiylik organiga, oʻn toʻrt yoshga toʻlgandan keyin esa, mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Bolaning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf tugʻilganligidan, uning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor boʻlgan shaxslar bu haqda bola ayni paytda yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga maʼlum qilishi shart. Shunday maʼlumotlarni olgach, vasiylik va homiylik organi bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur choralar koʻrishi shart.
Chirchiq shahah adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti I.V.Valiboyev