Янгиликлар
Da’vogar va javobgarning sudga kelmasa oqibati nima bo‘ladi, Sud amaliyotida uchinchi shaxslar terminini tushintirib bersangiz?
Da’vogar va javobgarning sudga kelmasa oqibati nima bo‘ladi, Sud amaliyotida uchinchi shaxslar terminini tushintirib bersangiz?
Javob: Ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan da’vogar sud majlisiga kelmasa, da’vogarning ishni uning yo‘qligida ko‘rish to‘g‘risidagi arizasi bo‘lgan taqdirda, nizo uning yo‘qligida hal qilinishi mumkin. Ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar, uchinchi shaxslar sud majlisiga kelmasa, nizo ularning yo‘qligida hal qilinishi mumkin.
Uchinchi shaxs manfaatlarining mazmuniga va ish yuzasidan chiqarilgan qaror bilan bog‘liq bo‘lgan oqibatlarga qarab bunday shaxslar mustaqil talab bilan arz qiluvchi (mustaqil da’vo qiluvchi) uchinchi shaxslarga va mustaqil talab bilan arz qilmaydigan (mustaqil da’volari bo‘lmagan) uchinchi shaxslarga ajratiladilar. Mustaqil da’vo qiluvchi uchinchi shaxslar. Da’vogar bilan javobgar o‘rtasidagi nizoning predmetiga nisbatan boshqa shaxs tomonidan shu predmet (narsa)ni o‘ziga tegishli bo‘lishi to‘g‘risida arz qiluvchi shaxs-mustaqil da’vo qiluvchi uchinchi shaxs deb ataladi. Uchinchi shaxsning protsessual holati da’vogarniki bilan barobardir, boshqacha qilib aytganda bunday uchinchi shaxs da’vogar bo‘lib hisoblanadi, dastlabki taraflar esa, javobgar bo‘lib ko‘riladilar. Shu tufayli uchinchi shaxs da’vogarning hamma protsessual huquqlaridan foydalanadi va uning hamma protsessual majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi. Dastlabki da’vogardan (da’vo) uchinchi shaxsning farqi faqat shundaki, arizachi (da’vogar) da’vo talabi bilan ishni boshlasa, uchinchi shaxs birov (boshqa shaxs) tomonidan boshlangan protsessga kirishadi. Mustaqil da’vo qiluvchi uchinchi shaxsning protsessda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilishi to‘g‘risidagi iltimosi, agar ishning sudda ko‘rishiga tayyorlash davrida qilingan bo‘lsa, sudya tomonidan ko‘riladi, agar ishni mazmunan ko‘rish hay’atda bo‘lsa, sudning to‘la tarkibida hal qilinadi. Bu to‘g‘rida iltimosni ko‘rishda sud ikki holatni: birinchidan, uchinchi shaxs sifatida protsessda ishtirok etish uchun qonunda nazarda tutilgan asosning bo‘lishi-bo‘lmasligini va ikkinchidan, har ikki nizoning bir protsessda hal qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lish-bo‘lmasligini e’tiborga oladi. Uchinchi shaxs ishtirok etishi lozim bo‘lgan xo‘jalik ishining barcha manfaatdor shaxslar qatnashgani holda ko‘rilishi birinchidan, sud va taraflarning vaqtlarini ancha tejashlikka imkon beradi; ikkinchidan, agar dastlabki mulkiy nizo alohida ko‘rilsa, bu to‘g‘rida chiqarilgan qarorga muvofiq, nizoli mulkning keyinchalik sotilishi yoki ishlatib yuborilishining oldi olinadi; uchinchidan, nizoli huquqni alohida-alohida ko‘rilganida, bu ishlar yuzasidan qarama-qarshi hal qiluv qarorlarining chiqarilmasligi mumkin bo‘ladi. Mustaqil talablari bo‘lmagan uchinchi shaxslar. Uchinchi shaxsning manfaati hamma vaqt nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talabga ega bo‘lavermaydi. Ba’zan dastlabki taraflarning ishi yuzasidan qaror chiqarilishi munosabati bilan protsessdagi taraflardan biriga nisbatan uchinchi shaxsning qandaydir huquq va majburiyat paydo bo‘lishi, shu tufayli uchinchi shaxs nizoning predmetini talab qilmasa ham, qonuniy va asosli qaror chiqartirishga ko‘maklashadi. Dastlabki taraflar o‘rtasidagi nizo yuzasidan chiqarilgan qaror uchinchi shaxsning (boshqa bir fuqaro yoki tashkilotning) huquq va burchlariga ta’sir etishi mumkin. Uchinchi shaxs bilan protsessdagi taraflardan birining manfaatlari faqat ish yuzasidan qaror chiqarilguncha bir-biriga to‘g‘ri kelib, keyinchalik bularning manfaatlari bir-biriga zid keladi. Uchinchi shaxs moddiy-huquqiy jihatdan ishda taraf bo‘lib hisoblanmasa ham, ish yuzasidan chiqarilgan qaror unga bevosita joriy qilinmasa ham, ammo u ishning sudda ko‘rilishida taraflarga beriladigan qator protsessual huquqlardan foydalanadi va zimmasiga majburiyatlar oladi. Uchinchi shaxs ham taraflarga (ya’ni da’vogar va javobgarga), guvohlar va ekspertlarga savollar berib, zarur xujjatlarni sudga topshirib, ishning haqiqiy holatini aniqlashda protsessda faol qatnashadi.
Bekobod tuman Adliya bo‘limi
YuXKM boshlig‘i Nizomiddi Tursunov