Янгиликлар
Yangi ishga qabul qilingan xodimlarga dastlabki sinov muddatini qo’llash tartibi qanday?
Yangi ishga qabul qilingan xodimlarga dastlabki sinov muddatini qo’llash tartibi qanday?
Mehnat kodeksi 129-132-moddalarida xodim bilan mehnat shartnomasi tuzilib, haqiqatda mehnat munosabatlariga kirishishda dastlabki sinov tushunchasi, uni qo’llash tartibi va muddatlari belgilangan. Xususan, mehnat shartnomasi quyidagi maqsadda dastlabki sinov bilan tuzilishi mumkin:
xodimning topshirilayotgan ishga muvofiqligini tekshirish;
mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi haqida xodim tomonidan qaror qabul qilish.
Dastlabki sinovdan oʻtish mehnat shartnomasida shartlashilgan boʻlishi kerak. Bunday shartlashuv mavjud boʻlmagan taqdirda, xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanadi.
Dastlabki sinov davrida xodimga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi toʻliq tatbiq etiladi.
Dastlabki sinov davri mehnat stajiga, shu jumladan har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga ham kiritiladi.
Dastlabki sinov muddati tugaguniga qadar taraflarning har biri ikkinchi tarafni kamida uch kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
Ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz boʻlganda, xodimni sinovdan oʻtmagan deb eʼtirof etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablarni koʻrsatgan holda oʻz tashabbusiga koʻra, dastlabki sinov davrida bekor qilishga haqli.
Xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini dastlabki sinov davrida bekor qilish uchun xodimning yozma arizasi asos boʻlib, unda xodimning mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tugatish istagi aks ettirilishi kerak. Bunda xodimni mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga undagan sabablar ahamiyatga ega emas.
Nurafshon shahar Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi boshlig’i F.Nazarov