Янгиликлар
Mehnat qonunchiligida qanday intizomiy jazo turlari bor va ular qanday holatlarda qo’llaniladi?
Mehnat qonunchiligida qanday intizomiy jazo turlari bor va ular qanday holatlarda qo’llaniladi?
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 312-moddasiga ko’ra, mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli:
1) hayfsan;
2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin. Xodimning ish haqidan jarimani ushlab qolish ish beruvchi tomonidan Mehnat kodeksining 269 va 270-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi;
3) mehnat shartnomasini bekor qilish ya’ni Mehnat kodeksi 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlariga asosan.
Mehnat kodeksida, boshqa qonunlarda, intizom toʻgʻrisidagi ustavlar yoki nizomlarda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllaniladi.
Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar, shu jumladan agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, yozma tushuntirishni talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi ish beruvchiga tegishlidir. Intizomiy jazo chorasini qoʻllashda sodir etilgan qilmishning ogʻir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
Xodimga intizomiy jazo chorasini qoʻllash ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida, xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi.
Oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanadi.
Nurafshon shahar Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi boshlig’i F.Nazarov