Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Jinoyat qonunini sharhlash


Jinoyat qonunini sharhlash

Qonunni sharhlash deganda jinoyat qonunini tushuntirish, uning mazmunini ochib berish va undagi atamalar ma’nosiga aniqlik kiritish tushuniladi. Qonunni sharhlash o‘z ichiga ikki elementni qamrab oladi, bular:

1) qonun mazmunini ochib berish;

2) uni qo‘llovchi amaliyot xodimlariga tushuntirish.

Qonunni sharhlash uning bir xilda qo‘llanishi va undagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi. Jinoyat huquqi nazariyasida qonunni sharhlash bir qator turlarga ajratilgan va turlicha tasniflangan.

Jumladan, jinoyat qonuni sharhlar turlarining quyidagicha tasniflash mumkin:

1) subyektiga ko‘ra;

2) usuliga ko‘ra;

3) hajmiga ko‘ra.

Subyektiga ko‘ra sharhlash uch turga bo‘linadi, bular: - legal (rasmiy) sharhlash; - sud tomonidan sharhlash; - ilmiy sharhlash. O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 43-moddasiga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilgan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda amalga oshiriladi. 23 O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharhni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi beradi. Qonunosti hujjatlari normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlar beradi. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga rasmiy (legal) sharhni faqat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi berishi mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini sharhlash yuzasidan va uning u yoki normasini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emasligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sharh berishi mumkin. Sud tomonidan sharhlash O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi vakolatiga kiradi. Mazkur Qonunning 17-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko‘rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi. Ilmiy sharhlash deganda jinoyat huquqi fani mutaxassislari va bu sohada faoliyat yurituvchi olimlar, ilmiy xodimlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksini sharhlash tushuniladi. Ilmiy sharhlash rasmiy sharhlashga qaraganda tavsiyaviy ahamiyat kasb etib, unda olimning jinoyat-huquqiy normalarga nisbatan o‘z fikrlari bayon etilib sharhlanadi. Jinoyat kodeksini usuliga ko‘ra sharhlash turlari to‘rtga bo‘linadi:

1) grammatik;

2) tizimli;

3) tarixiy;

4) mantiqiy.

Jinoyat qonunini grammatik sharhlash deganda uni adabiy til qoidalari va qonunchilik texnikasiga muvofiq sharhlash tushuniladi.

Jinoyat qonunini tizimli sharhlash deganda, uning normalarini boshqa jinoyat qonuni normalari bilan yoki boshqa huquq sohalari bilan taqqoslab sharh berilishiga aytiladi.

Tarixiy sharhlash huquq normasi qabul qilingan davlatda norma qabul qilinishiga sabab bo‘lgan holatlarni aniqlash asosida sharh berilishiga aytiladi.

Mantiqiy sharhlashda esa har qanday huquqiy norma mantiq qoidalari asosida sharhlanishiga aytiladi.