Янгиликлар
Majburiy jamoat ishlari jazosi.
Majburiy jamoat ishlari jazosi.
Mazkur jazo O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 martdagi O‘RQ-421-sonli Qonuniga asosan penalizatsiya qilingan, ya’ni jinoyat qonunchiligiga jinoiy jazo sifatida kiritilgan. Ushbu jazo mahkumni pul, maosh to‘lanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilishda ifodalanadi. Agar mahkum biror joyda ishlasa yoki ta’lim olsa majburiy jamoat ishlari uning ishdan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtida o‘taladi. Mahkumlar majburiy jamoat ishlarini o‘tashi mumkin bo‘lgan joylar (ob’ektlar) va majburiy jamoat ishlarining turi mazkur jazoning ijrosini nazorat qiluvchi organlar tomonidan belgilanadi.
Majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jinoiy jazo: – bir yuz yigirma soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha bo‘lgan muddatga; – olti oy davomida kuniga to‘rt soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda ijro etish sharti bilan tayinlanadi. Biroq, jazoning ijrosini ta’minlashda mahkum bilan bog’liq bo‘lmagan uzilishlar yuz bersa jazoni ijro etish kuniga to‘rt soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda bir yilgacha bo‘lgan muddatda o‘taladi.
Quyidagi shaxslarga nisbatan majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jinoiy jazoni qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi:
– pensiya yoshiga yetganlar;
– o‘n olti yoshga to‘lmaganlar;
– homilador ayollar; – uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;
– birinchi va ikkinchi guruh nogironlari;
– harbiy xizmatchilar;
– chet el fuqarolari;
– O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydiganlar.
Majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlangan shaxs jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlasa sud jazoning o‘talmagan muddatini ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazolardan biriga almashtiradi. Bunda majburiy jamoat ishlarining to‘rt soati ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblanadi. Biroq, mahkum majburiy jamoat ishlari jazosini o‘tashdan bo‘yin tovlagan vaqt jazoning o‘talgan muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.
Yangiyo‘l tumani Adliya bo’limi
YXKM bosh yuristkonsulti: Sh.Amriyev