Янгиликлар
Axloq tuzatish ishlari jazosi.
Axloq tuzatish ishlari jazosi.
Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo sud tomonidan shaxs axloqini uni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo‘lmagan jazo tayinlab ham tuzatish mumkin degan xulosa kelingan hollarda tayinlanadigan jinoiy jazo sanaladi.
Bu turdagi jazo mahkumning o‘z ish joyi yoki mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda o‘taladi. Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo olti oydan uch yilgacha muddatga aybdor ish haqining o‘n foizidan o‘ttiz foizigacha miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uni mehnatga majburan jalb qilish yo‘li bilan tayinlanadi.
Quyidagi shaxslarga nisbatan axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jinoiy jazoni qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi:
– pensiya yoshiga yetganlar;
– mehnatga qobiliyatsizlar;
– homilador ayollar;
– uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;
– harbiy xizmatchilar.
Agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining jami bo‘lib o‘ndan bir qismidan ko‘prog’ini o‘tashdan bo‘yin tovlasa, sud axloq tuzatish ishlarining o‘talmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi.
Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan vaqt jazoning o‘talgan muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra axloq tuzatish ishlari, odatda, ish joyida o‘tash sharti bilan tayinlanishi lozim.
Biroq, jinoyat sodir etgan shaxs o‘z kasb yoki xizmat vazifasini bajarish bilan bog’liq holda jinoyat sodir etgan bo‘lsa, uning o‘sha ish joyida qoldirilishi jazoning tarbiyaviy ahamiyati pasayishiga olib kelishi ehtimoli borligi sababli axloq tuzatish ishlarini ushbu jazo ijrosini amalga oshiruvchi organ tomonidan belgilangan joyda o‘tash tayinlanishi mumkin.
Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo‘yicha axloq tuzatish ishlari tayinlanayotganda, jazo muddati va ish haqidan chegirma miqdori har bir modda bo‘yicha alohida, so‘ngra esa, ularning majmui bo‘yicha belgilanadi.
\
Bunda jazoning uzil-kesil muddati va chegirma miqdori JKning 46-moddasida belgilangan chegaradan ortib ketishi mumkin emas.
Yangiyo‘l tumani Adliya bo’limi
YXKM bosh yuristkonsulti: Sh.Amriyev