Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi: homiladorlik va tug‘ish nafaqasi qanday tartibda to‘lanadi?


Davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi: homiladorlik va tug‘ish nafaqasi qanday tartibda to‘lanadi?

 

Mamlakatimizda fuqarolarning og‘ir hayotiy vaziyatlarda daromadsiz qolishining oldini olish hamda ularning kambag‘allikka tushish xavfini minimallashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining "Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi Qonuni 2026-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi "Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-206-son Farmoni hamda "Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi Nizom bilan davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etildi.

 

Yangi tartibga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band bo‘lganlar, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik bilan shug‘ullanuvchilar, chet elda yollanib ishlaydigan fuqarolar va yakka tartibdagi tadbirkor-hunarmandlar uchun davlat ijtimoiy sug‘urtasi ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Ishlamasa ham, ularning sug‘urta badalini eri (xotini) to‘lashi orqali sug‘urtalanish imkoniyati mavjud.

Fuqarolar sug‘urta bilan quyidagicha qamrab olinadi:

·         majburiy asosda — Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun bilan belgilanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan;

·         ixtiyoriy asosda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 foizi miqdoridagi oylik sug‘urta badalining eng kam miqdorini to‘lash evaziga.

To‘lovlar fuqarolarning minimal sug‘urta staji va to‘lagan sug‘urta badaliga mutanosib ravishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi. Sug‘urtalangan shaxslar, ularning staji va badallari hisobi, to‘lovlarni tayinlash va to‘lash jarayonlari "Raqamli hukumat" tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadigan ma‘lumotlar asosida yuritiladi.

Jamg‘arma orqali 2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, 2026-yil 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi proaktiv shaklda tayinlanadi.

2030-yil 1-yanvardan boshlab esa ishdan bo‘shatish nafaqasi ham fuqarolarning murojaati asosida Jamg‘arma orqali tayinlanadi va to‘lanadi.

Ishlamaydigan fuqarolarga (shu jumladan, uy bekalariga) homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida o‘n oy, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun kamida olti oy sug‘urta staji talab etiladi. Sug‘urta staji deganda — sug‘urtalangan shaxs uchun sug‘urta badallari to‘lovi amalga oshirilgan davr tushuniladi.

Homiladorlik va tug‘ish ta‘til pullari qanday tartibda beriladi?

Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning o‘ttizinchi haftasidan boshlab hududiy ambulatoriya-poliklinikaning akusher-ginekologi (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la 126 kalendar kuniga beriladi.

Nafaqa ish haqining (stipendiyaning) 100 foizi miqdorida beriladi va ayol ta‘tilga ketgunga qadar to‘lanadi. Agar shu vaqtga qadar olinmagan bo‘lsa, ta‘til tugagan kundan boshlab 6 oy ichida murojaat qilish lozim — bu muddat o‘tgach, nafaqa to‘lanmaydi.

Homiladorlikning 30-haftasidan oldin tug‘ish yuz bergan hollarda mehnatga layoqatsizlik varaqasi bola tug‘ilgan kundan boshlab quyidagicha beriladi:

·         bola tirik tug‘ilganda — 126 kalendar kunga;

·         bola o‘lik tug‘ilgan yoki tug‘ruq muassasasidan chiqqunga qadar nobud bo‘lganda — 70 kalendar kunga.

30-haftadan keyin murojaat qilinganda esa, tug‘ishga qadar necha kun qolganidan qat‘i nazar, varaqa murojaat kunidan to‘liq 126 kunga beriladi.

Ishlamaydigan fuqarolar (uy bekalari) uchun bu nafaqani olish sharti — kamida 10 oylik sug‘urta staji mavjudligidir.

Agar bola operatsiya (kesar kesish) orqali tug‘ilsa — ta‘til muddati va to‘lovdagi tartib qanday?

Amaldagi tartibga ko‘ra, tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda ayolga imtiyoz beriladi: bunday holatlarda homiladorlik va tug‘ish ta‘tilini uzaytirish uchun tug‘ruq muassasasi tomonidan yana 14 kalendar kuniga qo‘shimcha mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Natijada ta‘tilning umumiy muddati 126 kun o‘rniga 140 kalendar kunni tashkil etadi.

Tibbiy-huquqiy amaliyotda kesar kesish operatsiyasi orqali tug‘ilish, qoida tariqasida, aynan "tug‘ish qiyin kechgan" holatlar toifasiga kiritiladi, chunki bu — tabiiy yo‘l bilan tug‘ish imkoni bo‘lmagan yoki xavfli bo‘lgan (masalan, ayol chanog‘ining torligi, bachadon yorilishi xavfi, homilaning noto‘g‘ri joylashuvi va shu kabi tibbiy ko‘rsatmalar asosidagi) operativ aralashuvdir.

Shu sababli, operatsiyadan so‘ng tug‘ruq muassasasi tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasiga qo‘shimcha 14 kun qo‘shiladi va ayolga umumiy 140 kunlik ta‘til beriladi. Bunda, nafaqa miqdori bunda ham o‘zgarmaydi — ish haqining 100 foizi miqdorida, 140 kunning barchasi uchun to‘lanadi.

Muhim jihat shundaki, ta‘til muddatining uzaytirilishi yoki qisqartirilishi tibbiy ko‘rsatma va varaqani bergan tug‘ruq muassasasining xulosasiga bog‘liq — ya‘ni operatsiya o‘z-o‘zidan avtomatik ravishda emas, balki shifokorning "qiyin tug‘ruq" deb baholashi asosida qo‘shimcha 14 kunlik ta’til huquqini beradi.

Bunda, ish beruvchi (yoki nafaqa tayinlovchi Ijtimoiy himoya milliy agentligi) ushbu ta‘tilni to‘liq hajmda hamda kamaytirmasdan berishga majburdir.

Shunday qilib, kesar kesish orqali tug‘ilgan holatlarda ona uchun asosiy imtiyoz — qo‘shimcha 14 kunlik dam olish va shu davr uchun ham to‘liq (100 foizlik) nafaqa to‘lovi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi, mehnatga layoqatsizlik varaqasi va sug‘urta staji shartlari esa odatdagi tug‘ishdagi kabi saqlanib qoladi.

Ohangaron tuman adliya bo‘limi

Bosh maslahatchisi                                                     

Azamov Abdulhay Baxtiyorjon o‘g‘li