Янгиликлар
Onlayn notarial xizmatlar — vaqt va masofani tejaydigan zamonaviy imkoniyat
Onlayn notarial xizmatlar — vaqt va masofani tejaydigan zamonaviy imkoniyat
Bugungi kunda davlat va huquqiy xizmatlarni raqamlashtirish fuqarolarga yanada qulay, tezkor va ortiqcha ovoragarchiliklarsiz xizmat ko‘rsatishning muhim omiliga aylanmoqda. Notariat sohasida ham zamonaviy axborot texnologiyalarining keng joriy etilishi natijasida ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notarial idoraga shaxsan borish zarurati kamayib, videokonferensaloqa orqali masofadan turib notarial xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengaymoqda.
Bunday imkoniyatning huquqiy asosi, avvalo, O‘zbekiston Respublikasining “Notariat to‘g‘risida”gi Qonuni bilan yaratilgan. Qonunning 34-moddasida bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlarni tasdiqlash jarayoni videokonferensaloqa orqali amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.
Mazkur mexanizm 2026-yildan yanada takomillashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 30-dekabrdagi 29-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan va 2026-yil 5-yanvarda 3742-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Notarial harakatlarni videokonferensaloqa rejimi orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom notarial xizmatlardan masofadan foydalanishning aniq tartibini belgilab berdi. Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxs yoki yuridik shaxs vakili notarial idoraga kelmagan holda, videokonferensaloqa rejimi orqali notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgan notarial harakatlarni mazkur rejimda amalga oshirish imkoniyati belgilangan.
Bu tizimning eng katta afzalligi — vaqt va masofani tejash. Fuqaro boshqa tuman yoki viloyatda bo‘lishi, ish yoki oilaviy sharoiti sababli notarial idoraga borishga qiynalishi mumkin. Videokonferensaloqa esa tegishli talablar bajarilgan holda notarius bilan masofadan muloqot qilish, hujjatning mazmun-mohiyatini tushuntirish va notarial harakatni zamonaviy elektron tizimlar orqali rasmiylashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, notarial harakatlarning qonuniyligi va xavfsizligiga qo‘yilgan talablar saqlanib qoladi: notarius taraflarning xohish-irodasini aniqlashi, hujjatning mazmuni va huquqiy oqibatlarini tushuntirishi hamda zarur tekshiruvlarni amalga oshirishi lozim. Amaldagi tartiblarda videomuloqot va tegishli jarayonlarning “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayd etilishi ham nazarda tutilgan.
Fuqarolar uchun yana bir muhim qulaylik — videokonferensaloqa xizmatining o‘zi uchun ilgari undirilgan alohida to‘lovning bekor qilinganidir. Adliya vazirining 2020-yil 29-maydagi 112-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan, 3235-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tariflarning avvalgi 22-pozitsiyasida notarial harakatni masofadan rasmiylashtirishda videokonferensaloqa xizmatini ko‘rsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida alohida haq nazarda tutilgan edi.
Biroq Adliya vazirining 2026-yil 6-iyuldagi 23-mh-son buyrug‘i, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqami 3235-8, bilan mazkur 22-pozitsiya chiqarib tashlandi. Buyruq 2026-yil 7-iyuldan kuchga kirgan. Shu tariqa, aynan videokonferensaloqa xizmatidan foydalanganlik uchun ilgari mavjud bo‘lgan 30 foizlik alohida to‘lov bekor qilindi.
Bu, albatta, notarial harakatning o‘zi mutlaqo bepul degani emas. Tegishli notarial harakat uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat boji, gerb yig‘imi (tegishli hollarda), huquqiy va texnik tusdagi boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar saqlanib qoladi. Biroq fuqaro faqat xizmat videokonferensaloqa orqali ko‘rsatilgani uchun avvalgidek alohida 30 foizlik haq to‘lamaydi.
Shu jihatdan, onlayn notarial xizmatlarning rivojlanishi fuqarolarning vaqtini tejash, hududiy va tashkiliy to‘siqlarni kamaytirish, xizmatlardan foydalanishni soddalashtirish hamda notariat tizimini zamonaviy raqamli xizmat ko‘rsatish modeliga o‘tkazishda muhim qadam hisoblanadi. Masofadan xizmat olish imkoniyatining kengayishi va videokonferensaloqa uchun alohida to‘lovning bekor qilinishi esa bu xizmatlarni aholi uchun yanada qulay va maqbul qilmoqda.
Klichbayev Muhammad
Notariat, advokatura va nizolarni muqobil
hal qilish sho‘basi bosh maslahatchisi