Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Xorijiy davlatga ketayotgan o‘quvchini ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish tartibi belgilandi.


Xorijiy davlatga ketayotgan o‘quvchini ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish tartibi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyuldagi 380-son qaroriga muvofiq, o‘quvchining doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgani sababli uni ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Mazkur Reglament 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchini doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgani sababli umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

Kimlar murojaat qilishi mumkin?

Davlat xizmatidan foydalanish uchun ota-ona, farzandlikka oluvchi, vasiy yoki homiy ariza beruvchi sifatida murojaat qilishi mumkin.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron shaklda murojaat qiladi.

YIDXP orqali arizalar dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

Agar ariza ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida yuborilsa, u keyingi kalendar ish kuni Komissiyaga tushgan va qabul qilingan deb hisoblanadi.

Ariza qanday shakllantiriladi?

Davlat xizmatlari markaziga bevosita murojaat qilinganda so‘rovnoma Markaz xodimi tomonidan ariza beruvchi nomidan elektron shaklda to‘ldiriladi.

YIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma elektron shaklda mustaqil ravishda to‘ldiriladi.

Davlat organlari va tashkilotlari so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etilishini ta’minlaydi.

Ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi va tegishli identifikatsiya vositalari — daktiloskopiya, Face-ID, Mobil-ID va boshqalar orqali tasdiqlaydi. YIDXP orqali murojaat qilinganda arizani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Ota-onaning roziligi:

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun ariza yuborishda ota yoki onaning yoxud farzandlikka oluvchilardan birining bolani ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarishga roziligi Yagona identifikatsiyalash tizimi yoki Face-ID orqali tasdiqlanadi.

Bunda bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik ariza beruvchilar zimmasiga yuklanadi.

Arizani kim ko‘rib chiqadi?

Arizani bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi ko‘rib chiqadi.

Komissiya arizani 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, o‘quvchini ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida qaror rasmiylashtiradi yoki davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etadi.

Zaruratga ko‘ra, Komissiya ota-ona va bola bilan suhbat o‘tkazishi mumkin.

O‘quvchini ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror tegishli tuman (shahar) hokimi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.

Qaror yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma Davlat xizmatlari markaziga yoxud YIDXP orqali ariza beruvchiga elektron shaklda yuboriladi. Qaror tegishli ta’lim tashkilotiga ham elektron ravishda yuboriladi.

Ta’lim tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan ishlar:

O‘quvchini ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror kelib tushgach, ta’lim tashkiloti direktori bir ish kunida tegishli axborot tizimida o‘quvchini ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqaradi.

Shuningdek, Komissiya xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazilayotgani sababli ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarilganlarning elektron reyestrini yuritadi.

Qaysi hollarda davlat xizmati rad etiladi?

Davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun quyidagi holatlar asos bo‘ladi:

birinchidan, arizada noto‘g‘ri ma’lumotlarning ko‘rsatilishi;

ikkinchidan, bolaning manfaatlariga zid kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning mavjudligi.

 

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

 Davlat xizmatlari markazlari va FHDY organlari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi 

yetakchi maslahatchisi G‘.Sh.Abduraxmonov