Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

12

Huquqiy nigilizm: qonunga bepisandlikning shaxs uchun yuridik oqibatlari qanday?


Huquqiy nigilizm: qonunga bepisandlikning shaxs uchun yuridik oqibatlari qanday?

Huquqiy nigilizm — ya’ni qonunga bepisandlik va uni qadriyat sifatida inkor etish — odatda jamiyat va davlat miqyosidagi tizimli muammo sifatida baholanadi. Biroq uning eng birinchi va bevosita salbiy oqibatlari aynan alohida olingan shaxs huquqiy maqomida namoyon bo‘ladi. Normativ-huquqiy hujjatlarni Shaxsiy xavfsizlik va huquqiy kafolat manbai emas, balki shakliy “qog‘ozdagi deklaratsiya” deb bilgan fuqaro o‘zini jiddiy yuridik xatarlar ostiga qo‘yadi: u huquqiy xatoliklarga yo‘l qo‘yadi, qonuniy himoyadan mahrum bo‘ladi va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘usini boy beradi.

Shaxs darajasida huquqiy nigilizm, eng avvalo, “Qonun faqat ma’lum bir doiralar uchun yozilgan, oddiy fuqaroga ishlamaydi”, “Hamma normani buzyapti, mening huquqbuzarligim hech narsani o‘zgartirmaydi”, “Barcha masala shaxsiy aloqa yoki moddiy imkoniyat orqali hal bo‘ladi” yoki “Huquqiy bilimlarni egallash shart emas, zarurat tug‘ilganda norasmiy yo‘llarini topaman” degan stereotipik qarashlarda namoyon bo‘ladi. Bunday noto‘g‘ri tasavvurlar tasodifan shakllanmay, amaliyotda adolatsizlikka duch kelish, huquqni qo‘llashdagi illatlar hamda huquqiy madaniyat va bilimning yetarsizligi oqibatida yuzaga keladi.

Qonunga bepisandlikning shaxs uchun eng birlamchi va muqarrar oqibati bu — yuridik javobgarlikka tortilishdir. Qonun doirasidan tashqari harakat qilgan shaxs o‘z xatti-harakatlarining xarakteri va ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab ma’muriy, fuqarolik-huquqiy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu esa jarima solish, mol-mulkka undiruv qaratish, mehnat munosabatlarida intizomiy choralar qo‘llash va hatto muayyan huquqdan yoki ozodlikdan mahrum qilish kabi huquqiy cheklovlarda ifodalanadi. Amaliyotda ko‘plab fuqarolar jiddiy yuridik oqibatlarni keltirib chiqaruvchi huquqbuzarliklarni “jo‘n holat” deb baholab, huquq normasi o‘rniga subyektiv qarashlar va norasmiy udumlarga tayanib ish tutishi natijasida og‘ir huquqiy va iqtisodiy talafotlarga uchraydilar.

Shuning bilan birga, qonun institutlariga ishonchsizlik shaxsda o‘z subjektiv huquqlarini amalda ro‘yobga chiqarish va ularni himoya qilish imkoniyatini cheklaydi. Huquqiy normalarni inkor etuvchi shaxs ularni o‘rganmaydi, natijada o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganida yoki jinoyatdan jabrlanganida ham tegishli davlat organlariga murojaat qilmay, huquqiy passivlikni (“sukut saqlash”ni) ma’qul ko‘radi. U subyektiv huquq va majburiyatlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazmaydi: mehnat shartnomasi shartlarini sinchiklab o‘rganmay imzolaydi, mehnatga haq to‘lash va hordiq chiqarish huquqlari poymol etilganda vakolatli organlarga murojaat qilmaydi hamda fuqarolik-huquqiy bitimlardan kelib chiquvchi mulkiy nizolarda maqbul dalillarni to‘plash choralarini ko‘rmaydi. Natijada huquqiy savodsizlik shaxsni mutlaq himoyasiz holatga keltirib, huquqiy nigilizm illatini yanada chuqurlashtiradi.

Ushbu jarayonning eng xavfli oqibatlaridan biri shaxsning huquqbuzarlik muhitiga to‘liq qaram bo‘lib qolishi va huquq normasini chetlab o‘tishni doimiy xulq-atvor modeliga aylantirishidir. Huquqiy masalalarni g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan hal etishga ko‘nikkan kishi har safar norasmiy vositalarga muhtoj bo‘ladi. Poraxorlik va korrupsion aloqalarga tayanib ish ko‘rish shaxsni korrupsiyaviy jinoyatlar subyektiga aylantirib, uni shantaj, firibgarlik va shaxsiy qaramlik xatarlariga ochiq qoldiradi. Bunday yondashuv shaxsni qonunga asoslangan barqaror munosabatlar tizimidan chiqarib, subyektiv va noaniq shaxsiy munosabatlar qurboniga aylantiradi.

Natijada, qonun va huquqiy tartibotni inkor etish umuminsoniy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning emirilishiga olib keladi. Shaxsda adolat, mas’uliyat va huquqiy burch tuyg‘usi yo‘qolib, uning o‘rnini befarqlik hamda ijtimoiy loqaydlik egallaydi. Doimiy javobgarlikka tortilish xavfi, ruhiy bosim hamda jamiyatdagi huquqiy tartibotdan norozilik shaxsning atrofidagilarga va davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini mutlaq yo‘qotadi.

Huquqiy nigilizmning salbiy ta’siri faqat shaxsning o‘zi bilan cheklanib qolmay, uning oilaviy munosabatlariga va pirovardida butun jamiyatga yoyiladi. Shaxsga nisbatan qo‘llanilgan jarima va mulkiy undiruvlar oila byudjetiga bevosita zarba bersa, jinoiy javobgarlik choralari uning yaqinlari va farzandlarining kelajakdagi huquqiy hamda ijtimoiy maqomiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng achinarlisi, yosh avlod kattalarning qonunga bo‘lgan bepisand munosabatini singdirib boradi, bu esa “qonunni chetlab o‘tish mumkin” degan zararli konsepsiyaning avloddan-avlodga o‘tishiga xizmat qiladi.

Bir xil huquqbuzarlik uchun bir shaxs javobgarlikka tortilib, boshqasi javobgarlikdan qutulib qolgan hollarda fuqarolarda “qonunni norma emas, balki shaxsiy mavqe hal qiladi” degan yanglish xulosa shakllanadi. Aynan shu omil huquqiy nigilizmning asosiy poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Vaholanki, shaxs qonunning ustuvorligi va uning yuridik kuchi ma’lum bir mansabdor shaxsning obro‘si, kayfiyati yoki shaxsiy xohishiga bog‘liq emasligini anglab yetishi zarur. Qonun — jamiyat irodasini ifodalovchi, hamma uchun majburiy bo‘lgan obyektiv normadir; mansabdor shaxslarning almashishi yoki muayyan fuqaroning normadan bexabarligi va unga rozi emasligi qonunning yuridik kuchini bekor qilmaydi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi tamoyiliga muvofiq, har bir shaxs, o‘zining ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat mavqeyi va moliya-mulk holatidan qat’i nazar, bir xil normativ-huquqiy rejimga bo‘ysunadi. Shu sababli, “qonun amalda ishlamayapti” degan vaj bilan qoidani chetlab o‘tish strategiyasi mutlaqo asossizdir. Qonunni buzish orqali erishilgan muvaqqat qulaylik pirovardida shaxsni og‘ir yuridik javobgarlikka, shantaj va qaramlik xavfiga olib keladi hamda adolatsizlikni bartaraf etmay, shaxsning o‘zini g‘ayriqonuniy amaliyotning bir qismiga aylantiradi.

Huquqni qo‘llash amaliyotida yo‘l qo‘yiladigan ixtiyoriy yoki turlicha yondashuvlar huquqiy nigilizmni keltirib chiqaruvchi omillar bo‘lib, ularni bartaraf etish vakolatli davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning konstitutsiyaviy burchidir. Biroq har bir shaxs uchun hal qiluvchi haqiqat shundan iboratki: qonun subyektiv omillarga tayanmaydi, u obyektiv, qat’iy va universal xarakterga ega. Boshqa bir shaxsning huquqbuzarligi sizning javobgarligingizni istisno etmaydi, o‘zgalarning xatosi qonunbuzarlikni oqlamaydi hamda g‘ayriqonuniy yo‘l bilan “hal etilgan” masala qonun oldida hech qachon o‘zining huquqiy yechimini topgan hisoblanmaydi.

 

Ohangaron tuman adliya bo‘limi

Bosh maslahatchisi                                   Azamov Abdulhay Baxtiyorjon o‘g‘li