Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish: hujjatlar, muddatlar va huquqiy talablar.


Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish: hujjatlar, muddatlar va huquqiy talablar.

Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) fuqarolik jamiyati institutlarining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ularning qonuniy faoliyat yuritishi, tashkiliy jihatdan shakllanishi hamda belgilangan huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi alohida ahamiyat kasb etadi.

NNTni tashkil etish jarayonida ta’sischilar tomonidan hujjatlarni qonunchilikda belgilangan talablar asosida tayyorlash va vakolatli organga o‘z vaqtida taqdim etish kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun qanday hujjatlar taqdim etiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 12–18-bandlarida NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar, ularni rasmiylashtirish va ayrim tashkilotlar uchun belgilangan maxsus talablar nazarda tutilgan.

Mazkur nizomga muvofiq, NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza belgilangan shaklda rasmiylashtirilib, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etiladi.

Ariza ta’sis syezdi (konferensiyasi) yoki umumiy yig‘ilish o‘tkazilgan kundan boshlab ikki oy mobaynida, jamoat birlashmalari uchun esa bir oy mobaynida berilishi lozim. Jamoat birlashmasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza rahbar organning kamida uch nafar a’zosi tomonidan imzolanadi.

Arizaga, qoida tariqasida, quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

Birinchidan, ustav yoki nizom. NNTning ustavi davlat tilida ikki nusxada taqdim etiladi. Hujjat belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi, sahifalari raqamlanishi, ip o‘tkazib tikilishi hamda ta’sischilar vakolat bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanishi kerak. Yuridik shaxs hisoblanadigan alohida bo‘linmalar uchun tegishli nizom taqdim etiladi.

Ikkinchidan, ta’sis shartnomasi. Ushbu hujjat NNT assotsiatsiyalari (uyushmalari) uchun talab etiladi.

Uchinchidan, ta’sis yig‘ilishiga oid hujjatlar. NNTni tashkil etish to‘g‘risidagi ta’sis syezdi (konferensiyasi) yoki umumiy yig‘ilish bayonnomasi yoxud ta’sischining qarori taqdim etiladi. Respublika va viloyatlararo NNTlar uchun tegishli alohida bo‘linmalarni tashkil etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi lozim.

To‘rtinchidan, yuridik manzilni tasdiqlovchi hujjat. Tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanish rejalashtirilgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.

Beshinchidan, ta’sischilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar. Siyosiy partiyalardan tashqari NNTlarni tashkil etish tashabbuskorlari yoki ta’sischilari haqidagi ma’lumotlar taqdim etiladi. Jismoniy shaxslar bo‘yicha familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi, yuridik shaxslar bo‘yicha esa nomi, pochta manzili, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana ko‘rsatiladi.

Tashabbuskor fuqarolar ro‘yxatiga oid talablar

Ayrim turdagi jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda tashabbuskor fuqarolarning ro‘yxatini taqdim etish talab qilinadi.

Nizomning 13-bandiga muvofiq, kasaba uyushmalari uchun kamida uch ming nafar, siyosiy partiyalardan tashqari boshqa jamoat birlashmalari uchun esa kamida o‘n nafar tashabbuskor fuqaroning ro‘yxati taqdim etiladi.

Mazkur ro‘yxatlarda imzolardan tashqari, imzo qo‘ygan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi ko‘rsatilishi lozim. Imzolar va tegishli ma’lumotlar shaxsning yashash, ish, o‘qish yoki harbiy xizmat joyida tasdiqlanadi.

Ushbu talablarga rioya etilishi taqdim etilgan ma’lumotlarning belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ayrim turdagi NNTlar uchun maxsus talablar

NNTning tashkiliy-huquqiy shakli va faoliyat xususiyatiga qarab, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun qo‘shimcha hujjatlar ham talab etiladi.

Jumladan, siyosiy partiyalar «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq hujjatlarni, shu jumladan partiya dasturini, belgilangan hududlarda yashovchi kamida yigirma ming nafar fuqaroning imzolari mavjud ro‘yxatini hamda partiyaning saylab qo‘yiladigan organlari va rahbar organi vakolatlariga oid tegishli ma’lumotlarni taqdim etadi. Bunda qonunchilikda nazarda tutilgan hududiy qamrov talablariga ham rioya etilishi lozim.

Jamoat fondlari uchun dastlabki mablag‘lar shakllanganligini tasdiqlovchi, vaqtincha jamg‘arib boriladigan hisob raqamiga pul mablag‘lari o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi talab qilinadi. Vasiyatnoma asosida tashkil etiladigan jamoat fondlari esa notarial tasdiqlangan vasiyatnoma nusxasini taqdim etadi.

NNTni birlashtirish, bo‘lish, ajralib chiqish yoki o‘zgartirish shaklida qayta tashkil etish orqali tuzishda ham qo‘shimcha hujjatlar talab qilinadi. Bunday hollarda kreditorlar yozma ravishda xabardor qilinganligi va qayta tashkil etish haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon berilganligi to‘g‘risidagi tasdiqnoma, huquqiy vorislikni aks ettiruvchi topshirish dalolatnomasi yoki taqsimlash balansi, shuningdek nizomda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar taqdim etiladi.

Xalqaro va xorijiy NNTlarning vakolatxonalari hamda filiallari

Xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalari va filiallarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish alohida tartib asosida amalga oshiriladi.

Buning uchun belgilangan shakldagi arizaga bosh tashkilotning markaziy rahbar organi tomonidan tasdiqlangan hujjatlar ikki nusxada ilova qilinadi.

Ular qatoriga bosh tashkilot ustavi va davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomasining belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan nusxalari, O‘zbekistonda vakolatxona ochish yoki filial tashkil etish to‘g‘risidagi qaror, vakolatxona yoki filial to‘g‘risidagi o‘zbek va rus tillaridagi notarial tasdiqlangan nizom (ustav), rahbarga berilgan ishonchnoma, bosh tashkilot faoliyati haqidagi axborot, ijaraga beruvchining rozilik xati hamda rahbar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiradi.

Shuningdek, vakolatxona yoki filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida belgilangan shakldagi deklaratsiya ham taqdim etiladi.

Alohida bo‘linmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi

Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan alohida bo‘linmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bosh tashkilotning ustaviga muvofiq ishlab chiqilgan alohida bo‘linma to‘g‘risidagi nizom yoki bosh tashkilot ustavining tegishli nusxasi taqdim etiladi.

Bunda hujjatlarda alohida bo‘linmani tashkil etish, uning faoliyatini amalga oshirish va tugatish tartibi, huquq va majburiyatlari nazarda tutilgan bo‘lishi lozim. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar NNTning markaziy rahbar organi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, xalqaro, respublika va viloyatlararo NNTlarning ustavlarida alohida bo‘linmalarni tashkil etish hamda ularning faoliyatini tugatish tartibi, huquq va majburiyatlari belgilangan bo‘lishi talab etiladi.

Hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish — muhim huquqiy talab

NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida hujjatlarning to‘liqligi, belgilangan shakl va talablarga muvofiq rasmiylashtirilganligi muhim ahamiyatga ega. Shu bois ta’sischilar hujjatlarni tayyorlashdan oldin tashkilotning tashkiliy-huquqiy shaklini, faoliyat hududini va qonunchilikda belgilangan maxsus talablarni aniqlab olishlari maqsadga muvofiq.

Ayniqsa, ustavda tashkilotning maqsad va vazifalari, boshqaruv organlari, ularni shakllantirish tartibi, vakolatlari, mol-mulkni shakllantirish manbalari va faoliyatni tugatish tartibi kabi muhim masalalar tegishli qonunchilik talablariga muvofiq ifodalanishi lozim.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, hujjatlarni taqdim etishning o‘zi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlikni anglatmaydi. Tashkilotning huquqiy maqomi masalasi vakolatli organ tomonidan hujjatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi natijalariga ko‘ra hal etiladi.

Xulosa qilib aytganda, Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish — uning qonuniy faoliyatini yo‘lga qo‘yishdagi muhim tashkiliy-huquqiy bosqichdir. Belgilangan muddatlarga rioya qilish, zarur hujjatlarni to‘liq tayyorlash va ularni tegishli tartibda rasmiylashtirish ushbu jarayonning samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.

Shu nuqtayi nazardan, NNT ta’sischilari davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid hujjatlarni tayyorlashda amaldagi qonunchilik normalarini puxta o‘rganishlari va tashkilotning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olishlari zarur.

Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom”, 12–18-bandlar.

 

   Nodavlat notijorat tashkilotlar shu'ba bosh maslahatchisi  E.Ergashev